Arralangan daraxt

O'zini osmon tirgovichi, deb faraz qiluvchi kekkaygan daraxt jazosini arra berdi: u o'zidan oldingi og'ochlar qismatiga yetdi - jon tomiri uzilib, yerga uzala tushdi.
Tursunali bu manzarani dastlab ko'rganida o'zining kechmishini shu daraxt qismatiga o'xshatgan edi. Uning qaddi ham shu og'och kabi adl edi. U makon topgan daraxtzor, nazarida dahlsiz edi. Bu daraxtzorda istaganicha quyoshdan nur emishi, huzurlanib chayqalishi mumkin edi. Tomirlari toboro kuchliroq qudrat kasb etib borardi. Ammo kutilmaganda uning daraxtzoriga bolta oraladi: bir chekkadan chopa boshladi. Navbat o'ziga yetganida unutilayotgan rivoyatni esladi. Emishki, bir o'rmonda bolta paydo bo'lib, daraxtlarga qirg'in keltiribdi. Og'ochlar unga qarshi chora topolmay, qari Emandan maslahat so'rashibdi. Bolta deganlaring nima o'zi? U nimadan ishlangan? deb so'rabdi Eman. Bolta - temirdan yasalgan bir matohdir, deb javob beribdilar. O'zi-ku, temir ekan, dastasi-chi? Dastasi ham temirdanmi? deb so'rabdi Eman. Yo'q,- debdilar, - dastasi - og'ochdan, o'zimizdan. Dastasi o'zimizdan bo'lsa, unga chora yo'q, degan ekan Eman.
Tursunali makon topgan daraxtzorda bolta paydo bo'lishi bilan unga dasta bo'lishga oshiquvchilar ko'paydi. Oqibatda Tursunalining ildizlari chopildi-yu, sovxoz direktorligidan raykom sarkotibligiga o'taman, deb niyat qilib turgan odam egniga mahbuslarning paxtalik kalta choponini kiyib, uzoq sovuq o'lkadagi daraxt kesuvchilar safida o'zini ko'rdi. Uyqusiz kechalarda bu baloga mubtalo bo'lish sabablarini ko'p o'yladi. Tuzini yeb tuzlig'iga tupurganlarni la'natladi. Do'st libosidagi ilonlar boshini birma-bir yanchishni diliga tugdi.
Xudoning qarg'ishi tekkan bu joylarga kelgunicha bo'lgan o'tmish kunlarini eslasa, ko'z oldini zulumot pardasi qoplayveradi. Bu zulumotni gohi-gohida faqatgina bir nur yoritardi. Bu nur Nafisaning chehrasidan taralardi. Shunday paytda Nafisaning dimog'idan taralgan iliq nafas unga tiriklik shuurini berardi. Azobli kechalarda ham farzandlarining onasi, halol juftiga nisbatan shu Nafisani ko'proq o'ylardi, uni qo'msardi. Bunga ba'zan o'zi ham ajablanardi. Nima bu? Shunchalik qattiq sevarmidim? deb o'ylardi. Tursunali shahvoniy hirs bilan sevgi farqini ajrata oluvchi aqlga ega emasdi. Buni sinamoq uchun Nafisaga nisbatan yoshroq, go'zalroq, ishvalari shirinroq qiz ro'para qilinsa, bas. U sevgi deb o'ylab yurgan tuyg'u o'lardi-qolardi. Hozircha, Nafisaning birinchi tunda shivirlab aytgan Munchalar yaxshi ekansiz, degan gapi qulog'i ostida turibdi. O'zga iliq nafas bilan aytilishi mumkin bo'lgan shunday so'z o'tmish totli kechalar yuziga qora parda tortmog'i tayin. Ahmoq bo'lib shu juvonga ilakishib yurgan ekanman. Dunyoning lazzati bu yoqda ekan-ku? demog'i ham aniq edi...
Ammo hozir, u bularni o'ylamaydi, orzu qilmaydi. Uning dardi ham, niyati ham bir - tezroq bu o'laksazordan qutulish! Qachon, qanday qutuladi, - bandasiga qorong'i. Yurtida uning uchun kuyib-eladigan, pul sarf qilib ozodlikka chiqarish uchun tashvish chekadigan odami yo'q. Demak, yana o'n to'rt yil mahbuslik libosida yurmog'i rostga o'xshab turibdi.
Tursunali ana shu og'ir dard tog'ini yelkasiga ortgan holda o'ringa cho'ziladi, sahar chog'i shu yuk bilan qaddini rostlaydi. Ba'zi erkaklar yig'laydilar. Ba'zilari dardlarini aytib, hasrat qiladilar. Tursunali dardini kimga aytsin, kimga yig'lasin, kimga hasrat dasturxonini ochsin?!
Bir yigit kelib edi. Istarali bu yigitning pokiza odam ekanini yuzidan yog'ilib turgan nur oshkor etib turardi. Tursunali Bu yigitni menga Yaratganning o'zi yetkazdi, deb quvongan edi. Bugun bu quvonch ham balchiqqa qorishadiganga o'xshab turibdi. Tursunali shu havotirda daryo tomonga qarab-qarab qo'yadi. Yigitni sohildagi qo'lbola chayla tomonga boshlab ketganlar. Bu yerga kelgan kunining yo uchinchi, yo to'rtinchi kuni Tursunali ham shu chayladagi suhbatga chorlangan edi. O'shanda qo'liga bolta olib, arralab yiqitilgan daraxt shoxlarini endi butay boshlagan edi. Pachoqburun bir mahbus yaqinlashib, he yo'q, be yo'q:
- Ey, chuchmek, yur bu yoqqa! - deb buyurdi.
Tursunali u damda osiyoliklarning chuchmek deb atalishini bilmas edi. Shu sababli murojaat kimga qaratilganini anglamay:
- Menga aytyapsizmi? - deb so'radi.
Pachoqburun hech bir takallufsiz Tursunali tomon chirt etib tupurdi-da, labini kafti bilan artdi:
- Senga aytyapman! - deb to'ng'illadi.
Chakalak orasidagi yolg'izoyoq yo'ldan borayotganida Tursunalining yuragiga vahm oraladi. U qamoq lagerlaridagi odam o'ldirishlar haqida eshitgan edi. Bu Pachoqburunning so'xtasi bunchalar sovuq bo'lmasa! Onasidan tug'iliboq odamxo'rlikni kasb qilib olganini basharasining o'ziyoq aytib turibdi. Ana shu bashara Tursunalini qo'rquvga soldi. Agar hozir unga bu odam qotil emas, qulfbuzarlarning ustasi, deb haq gap aytilsa ham ishonmagan bo'lardi.
O'ldirgani olib ketyaptimi? deb o'yladi Tursunali. So'ng Nimaga o'ldiradi? Endigina kelgan bo'lsam?.. deb o'ziga o'zi tasalli berdi. Qamalganidan beri mutelik jandasini egniga ilib, soqchi yur deb buyurganda yurib, o'tir! desa o'tirib, qo'lingni orqaga qil, desa qo'lni orqaga bog'lab turishga ko'nikib qolgan Tursunali bu safar ham yuvvosh qo'y kabi qassob - Pachoqburunning yetovida yurib borardi. Tursunalidan qo'y ham tuzuk. Qo'y qassobni ko'rganida ma'rab qo'yadi. Tursunali esa, aqalli bir og'iz gap aytishga ojiz.
Chakalakzordan o'tib, daryo sohiliga chiqishdi. Shoxshabbalardan yasalgan qo'lbola chaylaga yaqinlashganda Pachoqburun orqasiga o'girilib:
- Shu yerda to'xta! - deb buyurdi.
Yuvvosh soqov qo'y amrga itoat etdi.
Hali quyosh ko'tarilib, borliqni ilita olmagan bo'lsa-da, chayla xojalaridan ikki kishi yarim yalang'och holda o'tirib tamaddi qilishardi. Pachoqburun ularga yaqin borib, buyruq ado etilganini ma'lum qilgach, hojalardan biri Tursunali tomon qarab qo'ydi-yu indamay lunjidagi taomni chaynayverdi. Pachoqburun u yerda, Tursunali esa yigirma qadam berida xoda yutganday tik turib, ularning taomdan bo'shashlarini kutdilar. Nihoyat, qorin to'yib, nafs orom olgach, yaqinlashmoqqa ijozat bo'ldi.
Tursunali ulardan birini tanidi: u ichki qo'shinlar mayori kiyimida yuradigan, oshxonadagi tartibni kuzatuvchi odam edi. Rezina tayog'ini ko'z-ko'z qilib, o'ynatib yuruvchi bu mayor tartib buzuvchining gardaniga ayamay urib qolardi. Qo'li qichib turgan bo'lsa-yu, tartib buzilmasa, sho'rvasini xo'rillatib ichayotgan odamning ham gardaniga tushirib qolishdan toymasdi. Mayor oshxonada kimning yoniga yaqinlashsa, o'sha odam iloji bo'lsa, ovqatni chaynamayoq yutishga harakat qilardi. Chaynalmagan ovqatni oshqozon hazm qilib yuborar, ammo gardanning rezina tayoq zarbini hazm qilishi qiyinroq edi.
Tursunali yaqinlashgach, mayor o'rnidan turib, ikki qadam naridagi ko'katlar ustiga tashlangan kiyimlar yonidan tayog'ini olib, chap kaftiga urib qo'ydi-da, uning orqasiga o'tdi.
Uradi shekilli? deb o'yladi Tursunali. Orqadan zarb kutgani uchun u beixtiyor bukchaydi. O'tirgan odam uning bu holatini ko'rib kuldi-da:
- Qo'rqma, urmaydi, - deb ovutdi.
Bu odamning kulishi o'ziga yarashardi. Timqora ko'zlari Pachoqburunniki yoki orqada turgan malla ma-yorniki kabi yovuzlik bilan boqmasdi. Qaldirg'och mo'y-labi ham o'ziga yarashgan edi. Shu sababli Tursunali uni mahbus emas, shu yerning kattalaridan deb o'yladi.
- Men - Tengizman, o'tir, bugun sen menga qo'noqsan.
Bu ismni eshitib, Tursunali ajablandi. Chunki u kelgan kuniyoq yotoqdagi qo'shinisidan Bu yerning asl xo'jayini polkovnik emas, ashaddiy o'g'riboshi Tengiz bo'ladi, degan gapni eshitgandi. Tengiz deganlari umri qamoqda o'tgan, Pachoqburun kabi xunukbashara keksa odam deb o'ylagan edi. O'zidan yoshroq bir yigitning Men - Tengizman, deyishi shu sababli ham uni ajablantirdi.
- Gapimni eshitdingmi? Kel, o'tir.
Tursunali itoat bilan, huddi qaynonasinikiga birinchi marta kelgan uyatchan kuyov kabi o'tirdi. Ol, ye, degan taklifni o'rinlatib bajarolmadi. Bir-ikki tishlam non yeb, maydalangan go'shtga qo'l uzatmadi. Yegisi kelib turgan bo'lsa ham, ko'ngli tortmadi. Qamalguniga qadar ovqatlarning sarasini yeb o'rgangan odam das-turxon ustidagilarni sarqit deb bilib, irgandi. Mehmonga kechikibroq borsa, darhol dasturxon yangilanardi... Endi o'sha kunlarning sadag'asi ketsa arziydi...
Har bir harakatini diqqat bilan kuzatib o'tirgan Tengiz nafsni yengishga nima sabab bo'layotganini sezdi:
- Hazar qilyapsanmi? Nega yemayapsan?
- Hazar qilayotganim yo'q. Qornim to'q.
- Hozircha yangisan. Yana uch-to'rt oy o'tsin, birov chaynab tashlagan chandirni ham ko'zingga surtib yeydigan bo'lib qolasan. Sen menga qo'noqsan. Ol, ye! Meni ranjitma!
Avvalgi taklif endi buyruqqa aylangach, Tursunali beixtiyor go'shtga qo'l uzatdi. Bu buyruqdan so'ng qorni to'q odam dasturxonni yamlab yutayozdi. U ovqatlanib bo'lgach, Tengiz dasturxonning bir uchini qayirib yopdi-da, Pachoqburunga qaradi. Buyruqqa mahtal turgan mulozim bu qarashning ma'nosini uqib, dasturxonni yig'ib oldi-yu, nari ketdi. Tengiz mayorga ham bir qarash qilgan edi, u kiyimlarini qo'ltiqlab, chayla ortiga o'tdi.
- To'xtayev, gap bunday, - dedi Tengiz holi qolishgach.
Mening familiyamni qayerdan bila qoldi? - deb ajablandi Tursunali. So'ng qamoq lageri boshlig'idan ustunroq mavqedagi odamga shuni bilish qiyin ekanmi? deb qo'ydi.
- Sen albatta tuhmat bilan qamalgan bo'lishing kerak, a?
Qora bulut choki so'kilib, birdan quyosh charaqlaganday bo'ldi: Tengiz Tursunalining ko'nglidagi gapni topib aytgan edi.
- Ha, tuhmat bilan qamashdi, - dedi Tursunali yutinib.
- Bu yerdagilarning hammasi o'zini passajir deb hisoblaydi. Seni bu yerga tuhmat boshlab kelmagan. Hasislik qilgansan. Pupkarlarni vaqtida moylash kerak edi.
- Kimni?
- Milisani! Nima, bunaqa so'zlarga tushunmaysanmi?
- Ularni... rosa moylaganman. Bekorga yeb ketishdi.
- Yetarli moylamagansan. Molning chanqog'ini tomizg'ichdagi tomchi suvlar bilan qondirib bo'ladimi?
- Bizning ish Maskovning qo'lida edi. Ularni chelaklab ham sug'orib bo'lmas ekan.
- Bo'lmaydigan ish yo'q bu dunyoda, To'xtayev! Nima uchun Moskva senlarga yopishdi, bilasanmi?
- Yo'q, bilmayman.
- Otam rahmatli aytib berardilar. Urush mahalida ikkita o'zbekka bitta miltiq berisharkan. Bittang o'lsang, ikkinching olib otaverasan, deyisharkan. Otalaring shunga ham ko'nishavergan. Senlar ham otalaringga o'xshagan laqmasanlar. Ahil emassanlar. Bir-birlaringni sotishni yaxshi ko'rasanlar. Kozyol ham ko'proq senlardan chiqadi. Senga o'xshagan sovxoz direktori boshqa yerda yo'qmi? Muttaham, poraxo'r hamma yerda to'lib yotibdi. Bunaqalar Armanistonda yo'qmi? Be, senlardan ko'ra ko'proq u yerda. Lekin Gobelyan u yoqqa bormaydi. O'zinikiga tegmaydi. Senlarning yarmingni qirib tashlasa ham g'ing demaysanda. Qani, Gorbach armanilarga tegib ko'rsin-chi! Moskvangning oyog'ini osmondan qilib yuborishadi. Senlar esa... - Tengiz hafsalasi pir bo'lib qo'l siltadi. - Senlar mishiqlaringni oqizib, tuhmatdan qamaldim, deb yig'lab yuraverasanlar. Endi gap shu, bilmasang bilib ol: men - o'g'riman! Ochiqda yurganingda mendag'alardan nafratlarding, a?
- Yo'q... nega?
- Talmovsirama. Biz - o'g'rilar, senlarning nazarlaringda eng pastkash odamlarmiz. Aslida esa, senlar pastkashsanlar. Biz o'g'rimiz, bu bilan faxrlanamiz. Bilib qo'y: eng halol odamlar bizlarmiz. Shuning uchun ham odamlar taqdirini hal qilish huquqiga faqatgina bizlar egamiz. Chestnyaga degan so'zni eshitganmisan? Ana o'shalar bizlarmiz. Bizda halollikdan bir enlik ham nari-beri chekinilmaydi. Do'stga xiyonat yo'q. Kim bunga jur'at etsa - boshi ketadi. Senlarda halollik bormi? Sadoqat bormi? Yo'q! Hech narsa yo'q! Oldingda ikki yo'l bor: agar tirik qolsang, o'n to'rt yildan keyin uyingga borasan. Umring qisqa bo'lsa, shu yerda o'lib ketasan. Bilib qo'y, bu yerlarda ilonlar ko'p. Bir chaqishda o'ldiradi. Agar xizmatimizni bekamu ko'st qilsang, seni ilonlardan o'zimiz qo'riqlaymiz.
- Nima xizmat buyursangiz... tayyorman!
- Nima balo, pionermisan, doim tayyorman, deysan? Sen o'ylab, shoshilmay javob ber.
- Shoshilsam-shoshilmasam, menga suyanadigan bir tog' kerak-ku?
- Tog', dedingmi? Yaxshi aytding. Sen suyanadigan tog' bor. Ammo... - Tengiz jilmaydi. Bu jilmayish avvalgiday beg'ubor emas, balki ayyorlik yeli bor edi unda. - Ammo, suyanish uchun tog' haqini to'lashing kerak. Ochiqlikda har oy maosh olardingmi? Ha, olarding. Xuddi shunga o'xshab, suyanadigan tog' haqini har oyda to'lab turasan. Sen bugun biksa(xotini)ngga bir malyava (xat) yozasan. Har oyda pul yuborib turadi.
- Pul? Qanchadan?
- Buni xat olib borgan odam aytadi.
- Pulni bu yoqqa yuboradimi?
- Bu sening ishing emas. Pulni bizga tegishli odam borib oladi. Agar shartimizni bajarmasang, avvaliga tramvayga qo'yamiz. Keyin bespredelshikning ermagiga topshiramiz.
Ertalabki mehmondorchilik ana shunday shartnomani imzolash bilan yakunlandi. Shart bajarilmagan taqdirda Tursunali o'zini qanday jazo kutishini kech yotar mahalida bildi. O'toq qo'shnisidan tramvayga qo'yish nima ekanini so'rab, seni hammomga olib kirib, yigirma-o'ttiztasi galma-gal gaplashib chiqsa - tramvay bo'ladi, degan javobni olganida badani muzlab ketdi.
Hozir, chayla tomonga qarab turgan choqda ham shu tadbir esiga tushib, bir seskandi.
Kecha lagerga olib kelingan yigit Tursunaliga xush yoqib, mening haloskorim shu, deb o'ylagan edi. O'shi yigirma beshni qoralagan bu yigit o'zini Nuriddin deb tanishtirdi. Besh yil muqaddam qamoqqa solingan Nuriddin uchun bu yer uchinchi lager edi. Bu yerga kelguniga qadar avval Ukraina, so'ng Turkmaniston qumliklarida pishgan bu yigit yana o'n yil umrini shunday sarsonlikda o'tkazmoqqa mahkum edi.
Nuriddinning darhol Tengiz suhbatiga chorlanishi qamoqxona olami qonunlaridan uzoq bo'lgan Tursunali uchun tushunarsiz edi.
Tengiz Nuriddinni dasturxonga taklif etmadi - tog'liklar odatiga sodiq qolmay, mehmonni izzat qilmadi. Bir necha daqiqa tik turgan holda gaplashishgach, chayladan baquvvat yigit chiqdi-yu, olishuv boshlanib ketdi. Tepadan kuzatib turgan Tursunali yigitga achindi. Boltani ko'tarib yugurgisi, uni himoya qilgisi keldi. Ammo bu xohish chaqmoq umri kabi qisqa edi. Xohish chaqmog'i so'nib, joni ko'ziga ko'ringach, o'zini tiydi.
- Hay Chuchmek! Sen uchun men ishlaymanmi?
Bu ovoz Tursunalini hushiga keltirdi. Chayla tomonga boshqa qaramay, daraxt shoxlarini butay ketdi.
Pastda nima voqea yuz berganini o'ng qoshi yorilgan, chap bilagi tilingan, badani musht va tepki zarblaridan mo'mataloq bo'lgan Nuriddin yotar mahalida aytib berdi. 
